OILA BAXTLI BO‘LSA, JAMIYAT MUSTAHKAM BO‘LADI
Dunyoda shunday bir go‘sha borki, har birimiz unga intilamiz. Ishdan, mehnat jarayonlaridan ushbu maskan sari shoshamiz. Unda bizni chorlaydigan yaqinlarimiz mehri, umrimiz mazmuni bo‘lgan farzandu nabiralarimiz yurak tafti mujassam.
Bu albatta, oilamizdir.
Oila — inson uchun muqaddas va ulug‘ dargoh. Inson shu dargohda tug‘iladi, o‘sadi, unadi, voyaga yetadi. Oilani jamiyatning kichik bir parchasiga qiyoslash mumkin. U jamiyatning muqaddas, asosiysi tarbiya maskani hamdir.
Oiladagi ota ibrati, ona mehri, bobo va buvilar o‘gitlari orqali milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan imon-e’tiqod, halollik, mehr-oqibat avloddan-avlodga o‘tadi, farzandlarimiz ongi va qalbida muhrlanib boradi.
Iqtisodiy jihatdan farovon, ijtimoiy-axloqiy va g‘oyaviy muhiti sog‘lom oila negizida yuzaga kelgan jamiyat va davlatning poydevori mustahkam bo‘ladi. Chunki bunday oilalarda ma’naviy barkamol inson voyaga yetadi.
1993-yil 20-sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Xalqaro oila yili to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasi qabul qilingan. Ushbu xalqaro hujjatga muvofiq, 1994-yildan boshlab 15-may – Xalqaro oila kuni sifatida dunyoning deyarli barcha davlatlarida keng nishonlanib kelinadi.
Ushbu sanаni nishonlashdan asosiy maqsad oilalar bilan bog‘liq muammoli masalalarga davlat va jamoatchilik e’tiborini qaratish, oilalar ahvoliga ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy va demografik jarayonlar haqidagi bilimlarni chuqurlashtirishdan iborat. Zero, oiladagi ma’naviy muhit, sog‘lom kayfiyat, barqarorlik jamiyat hayotining asosini ta’minlovchi kuchdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida oila manfaatini himoya qilish, oilaning jamiyatdagi mavqei va maqomini yanada yuksaltirish, yosh oilalarni har tоmonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2018-yil 27-iyundagi tegishli qaroriga muvofiq, 2019-yildan e’tiboran yurtimizda har yili 15-may — Xalqaro oila kuni sifatida keng nishonlanyapti.
Bu bejiz emas, albatta. Zero, oila, farzand kabi tushunchalar jamiyat asosi va har birimizning hayotimiz mazmuni hisoblanadi. Xalqimiz azal-azaldan oilani muqaddas bilib, unda sog‘lom muhit qaror topishi, mustahkam bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilayotgani boisi ham shunda.
Ayniqsa, oxirgi 7-8 yilda mamlakatimizda jamiyatning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan oila institutini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash va ularning farovonlik darajasini oshirish bo‘yicha muayyan ishlar qilindi.
Mehr-muhabbat qo‘rg‘oni bo‘lgan oila institutini mustahkamlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, oila va xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oila va xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha salmoqli ishlar bajarildi.
Birgina mamlakatimizda joriy etilgan “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi ijtimoiy loyihalar alohida ehtiyojli oilalarni qo‘llab-quvvatlash, salomatligini mustahkamlash, mavjud muammolarini bartaraf etish imkonini berayotir.
Prezidentimiz tashabbusi asosida mahallalarda xonadonma-xonadon yurib, oilalarning ahvolini o‘rganish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarga tezkor yechim topish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar samarasini bugun odamlar o‘z hayotida sezmoqda.
Keyingi yillarda yosh oilalar uchun qurilayotgan uy-joylar, uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ham oila institutiga bo‘lgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasidir. Agar raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish maqsadida to‘rt yil oldin ipoteka tizimining bozor tamoyillariga asoslangan yangi tartibi joriy qilingan edi. Qisqa vaqt ichida esa 100 trillion so‘m mablag‘ hisobiga hududlarda 6 mingta ko‘p qavatli uy barpo etildi.
Ushbu sa’y-harakatlar natijasida 250 ming oila yangi boshpanali bo‘ldi. Daromadi yuqori bo‘lmagan 45 mingta oilaga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovi uchun 2,4 trillion so‘mlik subsidiyalar berildi. Xususan, birgina o‘tgan yilda mamlakatimiz bo‘yicha 85 mingta xonadon qurilib, 17 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi. Umuman, bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Shu maqsadda, avvalo, milliy qonunchiligimiz takomillashtirilib, opa-singillarimiz uchun yanada keng imkoniyatlar yaratilayotir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini, u jamiyat va davlat muhofazasida ekanligini, davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qo‘yilgani mamlakatimizda oila institutini mustahkamlashga qay darajada katta e’tibor qaratilayotganini anglatadi.
Umuman olganda, oila jamiyatning eng muhim bo‘g‘inidir. Shunday ekan, hayotimizga mazmun bag‘ishlaydigan, bizni hamisha o‘z bag‘riga chorlaydigan oilalar doim mustahkam bo‘lsin. Ma’rifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat aytganidek, avlodni tarbiyalash insoniyatning xizmatidir. Qachonki, biz yaxshi axloq egasi, bilimli, kasb-hunarli farzandlarni tarbiyalasak, shundagina bu xizmat majburiyati soqit bo‘ladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudining devonxona mudiri
F.Choriyev
© Қизириқ тумани ҳокимлиги ахборот хизмати веб-сайтлари 2025